Urush (1941 - 1945). SHAROF RASHIDOV – KO‘NGILLI JANGCHI
KOMSORG BO‘LIB TAYINLANISH
Yigirma uch yoshli Sharof Rashidov kursdoshlari bilan birga Shimoli-G’arbiy frontga, 191-Qizil bayroqli Novgorod o‘qchi diviziyasi safiga yuborildi va Istra daryosi yaqinidagi Volokolamsk yo‘nalishida jang qildi. Deyarli ilk kundan u komsorg (komsomol tashkiloti kotibi) etib saylandi, komandir va katta politruk (siyosiy ishlar bo‘yicha ofitser) yaralanganidan so‘ng, u kichik politruk bo‘lsada, qo‘mondonlikni o‘z zimmasiga oldi. 1942 yilning qishi juda sovuq keldi, ammo askarlar ona yurti bu yerdan minglab kilometr narida bo‘lganiga qaramay, poytaxt Moskvani mudofaa qilishdi.
Fashistlar Germaniyasining xoinlarcha hujumini Sovet Ittifoqi, jumladan, O‘zbekiston xalqlari milliy falokat sifatida qarshi oldi.
Sovet-germaniya frontida O‘zbekistondan jami 2 millionga yaqin kishi jang qilgan. Urushning dastlabki kunlarida shahar va tuman voenkomatlariga (harbiy komissariatlarga) ko‘ngillilardan 14 mingdan ortiq ariza kelib tushdi. Umuman olganda, respublikamizdan urushda 1 951 000 kishi qatnashgan. Ulardan 538 000 kishi halok bo‘ldi, 158 000 kishi bedarak yo‘qoldi. Jami 658 780 vatandoshlarimiz urushdan qaytmadi, 640 000 nafar askar jarohat oldi. Va atigi 134 450 (9,4%) askar mehnatga layoqatli bo‘lib o‘z vataniga qaytishdi. Bu dahshatli urushning qaygʼuli statistikasidir.
Janglarda ko‘plab o‘zbekistonliklar jasorat ko‘rsatdilar: 200 000 dan ortiq nafar jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi, 301 kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi, 70 nafar askar “Shon-sharaf” ordeni to‘liq kavaleriga aylandi. Jasorati uchun ko‘plab o‘zbekistonliklar Polsha, Vengriya, Frantsiya, Italiya va boshqa mamlakatlar orden va medallari bilan taqdirlangan.
Tarixchi А.Vdovin yozganidek: “Urushning barcha yillarida mafkuraviy sohada SSSR xalqlarining vatanparvarligi va millatlararo birligini mustahkamlash tadbirlari o‘tkazilgan. Barcha millatlarga mansub fuqarolar Qizil Аrmiya safiga chaqirildi va ular frontda umumiy Vatan uchun kurashdilar.
Sharqdagi milliy respublikalar evakuatsiya qilingan korxonalarni qabul qildilar, ular faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ishtirok etdilar, umumiy kurashga munosib hissa qo‘shdilar. 1941 yil avgust oyidan boshlab evakuatsiya qilingan aholi poezdlari O‘zbekistonga kela boshladi. Evakuatsiya qilingan 1,5 million odamning 250 000 dan ortigʼi bolalar va o‘smirlar yedi. O‘zbekiston zamini ular uchun ikkinchi uyga aylandi. Respublika aholisi evakuatsiya qilinganlarga katta gʼamxo‘rlik ko‘rsatdi, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan yordam berishdi. Ota-onasini yo‘qotgan evakuatsiya qilingan bolalarga alohida eʼtibor qaratildi. 1942 yil 2 yanvar kuni toshkentlik ayollar bu bolalarga onalarcha gʼamxo‘rlik ko‘rsatish uchun O‘zbekistonning barcha ayollariga murojaat qildilar.
1942 yil avgustga kelib, O‘zbekistonning 3 mingga yaqin oilasi davlatdan moddiy yordam olmasdan evakuatsiya qilingan bolalarni asrab oldi.
Qardosh xalqlar hamkorligini mustahkamlash targʼibotning yetakchi mavzularidan biri bo‘lib, o‘z mevasini berdi, umuman xalqlar do‘stligi ogʼir sinovga dosh berdi...” Urush butun sovet xalqini fashizmga qarshi eng ogʼir va shafqatsiz kurashda birlashtirdi.



