Saksoninchi yillar (1980 - 1983). 1983 YILNING YOZI
“ANDROPOV DЕSANTI”
O‘zbekistonga “Andropov desanti” yuborildi. Ayni paytda, Sh.Rashidovning respublika ichkarisidagi raqiblari “epistolyar hujum” uyushtirishdi – mualliflar respublika hayotining deyarli barcha sohalarida ahvolning yomon holati ta’kidlangan minglab xatlarni Moskvaga jo‘natdilar. Ko‘p o‘tmay, Sharof Rashidovichning o‘zini ham Moskvaga chaqirishdi.
“YO‘Q, O‘RTOQLAR, BIZ KOMMUNIZM HAQIDA NAFAQAT GAP SOTISHIMIZ KЕRAK. ODAMLARNI, ZAMONDOSHLARIMIZNI, VATANDOSHLARIMIZNI SЕVISHIMIZ, ULAR UCHUN, ULARNING BAXTI, PORLOQ KЕLAJAGI UCHUN ULAR BILAN QO‘LMA-QO‘L KURASHISHIMIZ KЕRAK VA YODDA TUTISH KЕRAKKI, DAVLAT MAVHUM TUSHUNCHA EMAS, U SIZ BILAN BIZ!”
1983 yil 4 iyulda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Plenumi chaqirilib, unda mafkuraviy ishlarni kuchaytirish bo‘yicha partiyaning yangi yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlandi.
5 iyul kuni Sharof Rashidovich Respublika Oliy Soveti 7-chaqiriq 10-sessiyasida ishtirok etdi va unda ham partiya qabul qilgan kursni ma’qullash to‘g’risida ko‘plab so‘zlar yangradi.
7 iyul kuni u jamoat tartibini himoya qilish bo‘yicha respublika yig’ilishida jinoyatchilikka, ayniqsa korupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish haqida murojaat bilan chiqdi. Shu kuni Sharof Rashidov Toshkentda Afg’oniston rahbari Babrak Karmal bilan uchrashdi va u bilan Sovet hukumati hamda BMT o‘rtasida 1983 yil aprel oyidan beri davom etayotgan muzokaralar bosqichlarini muhokama qildi.
18 iyul kuni Sharof Rashidov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Byurosining majlisini o‘tkazdi. Kun tartibidagi asosiy masala – respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish davlat rejasini amalga oshirish masalasi bo‘ldi. O‘shanda o‘zbek xalqi paxta dalalarini jang maydoni deb bilgan. Rejani bajarish uchun yildan yilga o‘z shaxsiy rekordini yangilash kerak edi.
5 sentabr kuni Sharof Rashidov YUNЕSKO kommunikatsiyalarini xalqaro progressiv rivojlantirish bo‘yicha Hukumatlararo kengashning IV sessiyasida so‘zga chiqdi. Uning nutqida Oktabr inqilobidan keyin O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasining jadal rivojlanayotganidan dalolat beruvchi ko‘plab statistik ma’lumotlar mavjud edi.
9-10 sentabr kunlari Toshkentda va butun O‘zbekiston bo‘ylab Toshkentning 2000 yillik yubileyiga bag’ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi. Tantanali yig’ilish, respublika rahbarining samimiy nutqi, Andropovning tabrik telegrammasini o‘qib eshittirish, shaharga Lenin ordeni topshirilishi – bu Sharof Rashidovning so‘nggi baxtli kunlari edi.



